• info@soliqvahayot.uz
  • +998 71 207-15-16

Hurmatli professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar!

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institutning “Soliq va hayot” elektron ilmiy ommabop jurnali maqolalarni elektron shaklda qabul qiladi.

Maqolalarni info@soliqvahayot.uz elektron manzili orqali yuborishingiz mumkin. Tel. +998 71 207-15-16.

“Soliq va hayot” elektron ilmiy ommabop jurnaliga taqdim etiladigan ilmiy maqolalarga qo‘yiladigan asosiy talablar bu boradagi jahon andozalari hamda O‘zbekistonda yaqindan beri amal qilayotgan PhD tadqiqotlari tizimidagi andozalardan kelib chiqadi.

Jurnal bunday yuqori talablar o‘rnatish orqali o‘z mualliflarini asta-sekin xalqaro andozalarga moslashib borishida yaqindan ko‘mak berish vazifasini bajaradi.

Qo‘shimcha savollar, talab va takliflar bo‘yicha tahririyat elektron manzili yoki ko‘rsatilgan telefon nomer orqali murojaat etish mumkin.

1. Muallif tomonidan taqdim etilayotgan ilmiy maqola “Soliq va hayot” elektron ilmiy ommabop jurnalining “Jurnal kategoriyalari” ruknida keltirilgan yo‘nalishlarning biriga mos kelishi lozim.

2. Maqolalar asosan empirik tadqiqot, keys-stadi, adabiyotlar tahlili va sharh, meta-analiz, nazariya, amaliyot, uslubiyot, professional ilmiy taqriz va boshqa tavsifga ega bo‘lishi ko‘zda tutiladi.

3. Maqola xalqaro andozalar talabi doirasidagi quyidagi aniq bandlarga ega bo‘lishi lozim:

- Maqola mavzusi (Title)

Maqola mavzusi imkon qadar qisqa va lo‘nda ko‘rinishda shakllantirilgan bo‘lib, maqolaning tadqiqot yo‘nalishini aniq ifoda etishi lozim.

- Maqola muallifi to‘g‘risida ma'lumot (Author information)

Ushbu qismda muallifning ismi-sharifi (otasining ismi bilan), ish joyi va lavozimi, ilmiy darajasi va unvoni, elektron pochta manzili va muloqot telefon raqamlari kiritiladi.

- Maqola annotasiyaci (Abstract)

Maqola annotasiyasi ko‘pi bilan 50 so‘zdan iborat bo‘lgan, maqolaning umumiy mazmunini qisqacha tarzda yoritib beruvchi qism hisoblanadi. Maqola annotasiyasi tadqiqot muammosi, uning dolzarbligi, tadqiqot muammosini ochib berish uchun qo‘llanilgan metodologiya, tadqiqot natijalari, maqolaning to‘la mazmunidan kelib chiqqan holda muallifning ilmiy va amaliy hissasining qisqacha bayoni hisoblanadi. Maqola annotasiyasi o‘zbek, rus hamda ingliz tillarida taqdim etilishi shart.

- Tayanch so‘zlar (Key words)

Tayanch so‘zlar maqola mazmuni va maqsadini eng qisqa mazmunda ochib beruvchi kalit so‘zlar hisoblanadi. scholar.google.com yoki google.com qidiruv tizimida maqola oson va eng birinchi sahifalarda topilishi uchun tayanch so‘zlarning har biri asosiy matn tarkibida o‘rtacha 5-10 marta takrorlanishi tavsiya etiladi. Tayanch so‘zlar o‘zbek, ruc hamda ingliz tillarida taqdim etilishi kerak.

- Kirish (Introduction)

Kirish qismida asosan tadqiqot muammosi, uning maqsad va vazifalari yoritiladi. Mazkur qism tadqiqot mavzusining tanlanish asosi, uning dolzarbligi va ilmiy ahamiyatini tushuntirib beradi. Bundan tashqari, kirish qismida tadqiqot ob'ektining qisqacha tavsifi keltiriladi. Keyingi tarkibiy qismlar mazmuni ham aynan kirish qismida qisqacha izohlanadi.

- Mavzuga oid adabiyotlarning tanqidiy tahlili (Literature review)

Mavzuga oid adabiyotlar tahlili tadqiq etilayotgan muammo yuzasidan muallifning bilim va tasavvurlarga ega ekanini namoyon etuvchi qism hisoblanadi. Adabiyotlar tahlili mavjud intellektual hudud doirasini baholash va shu asosda ma'lum xarita yaratishni anglatadi. Adabiyotlarning tanqidiy tahlilidagi urinishlar mazkur mavzu doirasidagi bilimlarni kuchaytiradi va tadqiqot savollarini yanada oydinlashtirishga yordam beradi. O‘z mazmuniga ko‘ra har qanday tadqiqot ayni shu sohada yaratilgan avvalgi bilimlar negiziga quriladi. Adabiyotlar bo‘yicha tahlil asosan sohadagi eng yangi jurnal maqolalari va boshqa turdagi ma'lumot manbalari asosida amalga oshadi (mavzuga oid maqolalarni kalit so‘zlar yordamida www.scholar.google.com qidiruv tizimidan topish mumkin).

- Tadqiqot metodologiyasi (Research Methodology)

Tadqiqot metodologiyasi tadqiqotning eng muhim qismlaridan biri bo‘lib, u o‘tkazilayotgan tadqiqotning umumiy xaritasi, tadqiqot yo‘li va manzilga (natijaga) olib boruvchi xaritaviy chizgilari hisoblanadi.Tadqiqot metodologiyasi tadqiqot falsafasi va yo‘nalishini (deduksion yoki induksion) belgilash, tadqiqot dizayni, ya'ni tadqiqot muammosining yechimiga olib boruvchi bosh rejasini tuzish, tadqiqot uchun zarur axborotni olish yo‘llari va tadqiqot etikasini belgilash, tadqiqot ob'etining tanlovi (sampling), birlamchi yoki ikkilamchi ma'lumot manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar, tadqiqot strategiyasini (kuzatish, eksperiment, keys-ctadi, savolnoma, etnografik, arxiv tadqiqot va h.k.) aniqlash bo‘yicha rasional qaror qabul qilish asosida qo‘yilgan muammoning aniq yechimiga olib chiquvchi yo‘lni belgilashni anglatadi. Metodologiya qismining mukammalligi tadqiqot uchun belgilangan yo‘lning ishonchliligi (reliability) va aniqliligini (validity) asoslash orqali namoyon bo‘ladi.

- Tahlil va natijalar (Analysis and results)

Tadqiqotning tahlil qismi tadqiqot metodologiyasida avvaldan belgilab olingan tahlil usullari (matematik modellar va boshqalar) orqali yig‘ilgan ma'lumotlarning tahlilini amalga oshiradi. Bunda faqatgina tahlil usulining natijalari ifoda etiladi; topilgan natijalar bo‘yicha muhokama maqolaning keyingi qismining vazifasi hisoblanadi.

- Tadqiqot natijalarining muhokamasi (Discussion)

Tahlil qismi natijalari mavzuga oid adabiyotlar tahlili natijalari va xulosalariga taqqoslash hamda shaxsiy fikrlar orqali muhokamasini nazarda tutadi. Bir so‘z bilan aytganda bu qism tadqiqot natijalarini izohlash vazifasini bajaradi.

- Xulosa va takliflar (Conclusion/Recommendations)

Tadqiqotning maqsad, vazifalarining anglashilganligi hamda tadqiqot savollarining o‘z javobini topganligi, tadqiqotning asosiy natijalariga va tadqiqotning umumiy jarayoniga umumiy xulosalar, shu bilan birga, takliflar va ayni tadqiqotdan kelib chiqqan holda kelajak tadqiqot ishi yo‘nalishlari maqola xulosa va takliflari qismining asosini tashkil etadi.

- Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati (Reference)

Bu qism tadqiqotda foydalanilgan barcha adabiyotlarning ro‘yxatini e'lon qiladi. Maqolada foydalanilgan barcha havolalar bu qismda alifbo ketma-ketligida Garvard shakli talablarida qayd qilinadi:

mualliflar ismi-sharifi, (yili), kitob nomi, nashr manzili (Rossiya, O‘zbekiston va h.k.), nashriyot nomi;

mualliflar ismi-sharifi, (yili), maqola nomi, jurnal nomi, nashri, soni, betlari.

Yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda muallif ixtiyoriga ko‘ra zarur ilovalar (Appendix) va tashakkurnoma (Acknowledgement) ham kiritilishi mumkin.

5. Maqola matni shrifti “Times New Roman”da, 14 kegelda bo‘lib, qatorlar oraliqlari masofasi 1 intervalda bo‘lishi tavsiya etiladi. Maqola matni sahifasining barcha (o‘ng, chap, yuqori va quyi) tomonidan 2 santimetrdan iborat masofa qoldiriladi. Maqolaning maksimal hajmi cheklanmagani holda, eng minimal hajmi 4-6 betdan kam bo‘lmasligi tavsiya etiladi. Foydalanilgan adabiyotlar soni ham kamida 10-15 manbadan iborat bo‘lishi maqola sifatining muhim sharti bo‘lib xizmat qiladi.

6. Maqolada jadval nomlari uning yuqori qismida, chizma yoki rasmlar nomlari ularning quyi qismida beriladi. Albatta, maqolada zarur o‘rinlarda jadval, chizma va rasmlarning berilishi maqola sifatini oshiruvchi manba bo‘lib xizmat qiladi.

7. Maqolada foydalanilgan jadval, chizma va rasmlarning manbaasi o‘sha betning pastki qismida “Snoska” dasturi orqali Garvard shaklida ifodalanishi kerak.

8. Maqola ichida beriluvchi havolalar Garvard shakli (Narvard style) talablari asosida quyidagicha beriladi:

Yagona muallifli maqola uchun (Familiya, yili) – masalan (Ahmedov, 2019);

Ikki muallifli maqola uchun (Familiya va Familiya, yil) – masalan (Ahmedov va Sobirov, 2019);

Ikkitadan ortiq muallifli maqola uchun (Familiya va boshq., yil) – masalan (Ahmedov va boshq., 2019);

Bir nechta alohida maqolalar uchun (Familiya, yil; Familiya, yil… (alifbo tartibida)) – masalan (Ahmedov, 2019; Sobirov, 2018; …).

9. Maqolalar o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida taqdim etilishi mumkin.

Yuqoridagi talablarga javob bermaydigan maqolalar tahririyat tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.

Jurnal tahririyati